“O'zbekipaksanoat”
uyushmasi
Ishonch telefon raqami: +99871 267 23 63
Ijtimoiy tarmoqlarimiz:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

O‘zbekiston Respublikasining 2020 — 2022-yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Mamlakatimizda, shu jumladan mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlovchi yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va tashkil etishga qaratilgan investitsiya siyosatini yanada faollashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qilingan 2019-yilda investitsiya loyihalarini amalga oshirish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish va soddalashtirish, investitsiyalarni, avvalo, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirishni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Ko‘rsatib o‘tilgan chora-tadbirlar 2019-yilda 184 trln so‘m atrofida kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirish imkonini berdi va bu o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘p dyemakdir. Yalpi ichki mahsulotda investitsiyalarning ulushi 34 foizdan oshdi.

2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, shuningdek, xomashyo resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, yuqori texnologiyali raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va shu asosda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash maqsadida:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan, quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi O‘zbekiston Respublikasining 2020 — 2022-yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi (keyingi o‘rinlarda — Dastur) tasdiqlansin:

850,5 trln so‘m investitsiyalar, shu jumladan 35,5 mlrd AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishini nazarda tutuvchi 2020 — 2022-yillarda kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirishning yig‘ma prognoz parametrlari, shuningdek, 2020 — 2022-yillarda investitsiyalar va kreditlarni o‘zlashtirish hamda jalb qilishning prognoz parametrlari 1, 1a va 1b-ilovalarga* muvofiq;

206 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlari va 31 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratilishini nazarda tutuvchi 2020-yilda yirik ishlab chiqarish obyektlari va quvvatlarini ishga tushirish manzilli dasturi 2-ilovaga* muvofiq.

  1. Quyidagilar:

2020-yilda investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish bo‘yicha yig‘ma manzilli dastur, shuningdek, uning choraklar kesimida ijrosining prognoz ko‘rsatkichlari 3 va 3a-ilovalarga* muvofiq;

2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat kafolati ostida xorijiy kreditlar jalb qilgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli dasturi 4-ilovaga* muvofiq;

2020-yilda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb qilgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli dasturi 5-ilovaga* muvofiq;

2020-yilda loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash talab etiladigan investitsiya loyihalari ro‘yxati 6-ilovaga* muvofiq;

2020-yilda ishlab chiqiladigan istiqbolli investitsiya loyihalari ro‘yxati 7-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.

* 1 — 7-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.

Oldingi tahrirga qarang.

  1. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi nomidan yoki kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish bo‘yicha 2020-yilda yangi imzolanadigan shartnomalar doirasida jalb qilinadigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan chegaraviy hajmlar doirasida aniqlanadi.

(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-avgustdagi PF-6042-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 18.08.2020-y., 06/20/6042/1190-son)

  1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining qiymati 50 mln AQSh dollaridan oshadigan va xorijiy investorning ulushi 50 foizdan kam bo‘lmagan investitsiya loyihalari doirasida ishlab chiqarish maydonidan tashqaridagi zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini budjet mablag‘lari hamda moliyalashtirishning boshqa ichki manbalari hisobidan qurish tartibini mazkur investitsiya loyihalari quyidagi talablarga mos kelgan taqdirda qo‘llash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:

loyihaning iqtisodiy samaradorligi, shu jumladan uning rentabelligi va sarflangan mablag‘larni qoplay olishi ta’minlanishini asoslovchi loyihaoldi hujjatlarning mavjudligi;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiya agentligining loyihani so‘ralayotgan yer uchastkasida joylashtirishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi mavjudligi;

loyihaning loyihaoldi hujjatiga davlat ekologiya ekspertizasining ijobiy xulosasi mavjudligi (zarur hollarda).

Loyihalar loyihaoldi va loyiha hujjatlarining mazkur bandda ko‘rsatilgan talablarga muvofiqligi yoki nomuvofiqligi nuqtai nazaridan ularni kompleks ekspertiza qilish “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

  1. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari — loyihalarning tashabbuskorlari:

2020-yil 20-yanvarga qadar mazkur qarorning 3 — 5-ilovalariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirishning kompleks tarmoq jadvallarini O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taqdim etsin. Bunda 2020-yilning har bir choragi uchun investitsiyalar va kreditlarni o‘zlashtirishning belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari so‘zsiz bajarilishi nazarda tutilsin;

2020-yil 1-fevralga qadar mazkur qarorning 6-ilovasiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha moliyalashtirish manbalarini aniqlash, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish hamda tasdiqlash yuzasidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishilgan “yo‘l xaritalari”ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar mazkur qarorning 7-ilovasiga kiritilgan istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Transport vazirligi mazkur qarorning 6-ilovasiga kiritilgan tegishlicha suv ta’minoti va kanalizatsiya, shuningdek, avtomobil yo‘llari sohasidagi loyihalar bo‘yicha:

2020-yil 1-iyulga qadar — loyihaoldi hujjatlari ishlab chiqilishi, kelishilishi va tasdiqlanishi yakunlanishini, shuningdek, belgilangan tartibda qarz shartnomalari imzolanishini tezlashtirishni;

2020-yil 1-avgustga qadar — moliyalashtirishning ochilishi bo‘yicha choralar ko‘rilishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qo‘chqorov mazkur bandning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:

Dastur prognoz parametrlari bajarilishi holatining tizimli monitoringi va har oylik muhokamasini, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishini ta’minlasin, natijalari bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin;

mazkur qarorning 7-ilovasiga kiritilgan istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan loyiha tashabbuskorlariga har tomonlama ko‘maklashish, keyinchalik ularni amalga oshirish uchun salohiyatli mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni tizimli tashkil etsin;

loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar 2021 — 2025-yillarda ilg‘or texnologiyalar, shuningdek, klaster yondashuvi va sanoat kooperatsiyasi asosida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish va kengaytirishga qaratilgan yangi investitsiya takliflari ishlab chiqilishini ta’minlasin;

2020-yil 15-noyabrga qadar Dasturning asosiy ko‘rsatkichlarini aniqlashtirgan va yangilagan holda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil va keyingi yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.

  1. Quyidagilarga:
  2. a) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.M. G‘aniyevga — Dasturning sifatli amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va tasdiqlangan prognoz parametrlarning bajarilishi holati muntazam ravishda muhokama qilib borilishini ta’minlash;
  3. b) O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzoqovga — Dastur doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning tizimli monitoringi va tahlilini, shu jumladan mablag‘larni o‘zlashtirish samaradorligi va obyektlar hamda ishlab chiqarish quvvatlarining belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishini ta’minlash;
  4. v) davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga:

Dastur doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha mablag‘larni samarali o‘zlashtirish, qurilish-montaj ishlarini sifatli bajarish, obyektlar va ishlab chiqarish quvvatlarini belgilangan muddatlarda ishga tushirish;

mazkur qarorning 6 va 7-ilovalariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida loyihaoldi va loyiha hujjatlarini sifatli ishlab chiqish, belgilangan muddatlarda kelishish va tasdiqlash, shuningdek, mahalliy va xorijiy investorlar hamda tashkilotlar bilan zarur shartnomalarni imzolash masalasini o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish;

2020-yil 1-iyunga qadar mazkur qarorning 1, 1a va 1b-ilovalariga muvofiq prognoz parametrlar asosida keyingi uch yillik davr uchun investitsiyalar va kreditlarni o‘zlashtirish hamda jalb qilish parametrlarini aniqlashtirish va yangilash uchun asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga kiritish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

  1. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 9-yanvar,

PQ-4563-son

 

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.01.2020-y., 07/20/4563/0034-son, 18.08.2020-y., 06/20/6042/1190-son)